Shartnoma
Ommaviy oferta
«Kelajakka ta'lim» onlayn test platformasidan foydalanish shartlari
Kuchga kirgan sana: 30.09.2026
Ushbu oferta bilan birga Maxfiylik siyosati amal qiladi.
1. Umumiy qoidalar
1.1. Ushbu hujjat «Kelajakka ta'lim» o'quv markazi (bundan keyin — «Ijrochi») «Kelajakka ta'lim» onlayn test platformasi orqali ko'rsatadigan xizmatlardan foydalanish shartlarini belgilaydi. Hujjat O'zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksiga muvofiq ommaviy oferta hisoblanadi — ya'ni har qanday shaxsga ushbu shartlarda shartnoma tuzish taklifi.
1.2. Ofertani 4-bo'limda ko'rsatilgan tartibda qabul qilgan shaxs (bundan keyin — «Foydalanuvchi») bilan Ijrochi o'rtasida shartnoma ushbu shartlarda tuzilgan hisoblanadi. Qog'oz shartnoma imzolash talab qilinmaydi.
1.3. Ofertaning ajralmas qismi — Maxfiylik siyosati: u Foydalanuvchining shaxsga doir ma'lumotlariga qanday ishlov berilishini belgilaydi.
1.4. Foydalanuvchi ushbu shartlarning birortasiga rozi bo'lmasa, platformadan foydalanmasligi kerak.
2. Atamalar
- Platforma
- https://kelajakkatalim.uz sayti, uning Telegram boti va mobil ilovalari (mavjud bo'lsa).
- Hisob
- Foydalanuvchining login va parol (yoki Telegram) orqali kiriladigan shaxsiy sahifasi. Hisob roli: o'quvchi, o'qituvchi yoki ota-ona.
- Mehmon hisobi
- Bepul sinov testi yoki ochiq imtihon uchun avtomatik ochiladigan, parolsiz vaqtinchalik hisob.
- Material
- Test (variant) va testlar to'plami — papka, kitob, IELTS imtihoni — shuningdek savollar, javoblar, izohlar, yechimlar (jumladan «Aniko Ai» yechimlari), audio va video.
- Urinish
- Testni bir marta boshlab, yakunlagunicha ishlash.
- Xarid
- Materialga pullik kirish huquqini olish.
- Kursxona
- Ijrochining o'quv markazi va uning xodimlari (administratorlar va o'qituvchilar).
3. Xizmatlar
3.1. Platforma quyidagi imkoniyatlarni beradi:
- Milliy sertifikat (MOCK), DTM, mavzuga doir, kitob va IELTS testlarini onlayn ishlash;
- natijani avtomatik hisoblash, javoblar tahlili, reyting va o'sish statistikasi;
- Milliy sertifikat (MOCK) testlari bo'yicha platformaning ichki sertifikati;
- ota-onaga farzandining natijalarini kuzatish;
- o'qituvchiga o'z testlarini joylash va o'quvchilariga ochish;
- bepul sinov testlari va ochiq imtihonlar.
3.2. Xizmatlarning bir qismi bepul, bir qismi pullik. Materialning pullik ekani va narxi platformada, materialning yonida ko'rsatiladi.
3.3. Platforma sertifikati davlat hujjati emas. Ijrochi O'zbekiston Respublikasi Bilim va malakalarni baholash agentligining vakili emas va u bilan bog'liq emas; platforma sertifikati Agentlik beradigan milliy sertifikat o'rnini bosmaydi. Natijalar mashq qilish va o'z darajangizni aniqlash uchun; platformadagi natija haqiqiy imtihonda xuddi shunday ball olishni yoki biror ta'lim muassasasiga qabul qilinishni kafolatlamaydi.
3.4. IELTS Writing va Speaking javoblari sun'iy intellekt yordamida baholanadi. Bu baho taxminiy va rasmiy IELTS bahosi hisoblanmaydi.
3.5. Ijrochi platformani doimiy takomillashtiradi: bo'limlar, ko'rinish va imkoniyatlar o'zgarishi mumkin. Bu allaqachon to'langan xaridning shartlarini yomonlashtirmaydi (6.5-band).
4. Ofertani qabul qilish (aksept)
4.1. Oferta quyidagi harakatlardan biri bajarilgan paytdan qabul qilingan hisoblanadi:
- ro'yxatdan o'tish formasida «Ommaviy oferta va maxfiylik siyosati bilan tanishdim va roziman» katakchasini belgilash;
- xarid qilishdan oldin ofertaga rozilik tugmasini bosish (oferta kuchga kirishidan oldin ochilgan hisoblar uchun ham);
- Telegram bot orqali hisob ochish — ism-familiyani tasdiqlash tugmasini bosish yoki ism-familiyani yuborish;
- mehmon hisobidan foydalanish — bepul sinov testini boshlash yoki ochiq imtihonga qo'shilish;
- platformada to'lov qilish;
- ro'yxatdan o'tgan hisobdan platformaning bepul imkoniyatlaridan foydalanishni davom ettirish.
4.2. Aksept to'liq va so'zsiz: Foydalanuvchi Ofertaning barcha shartlarini qabul qiladi.
4.3. Rozilik bildirilgan vaqt va hujjat tahriri Foydalanuvchi hisobida qayd etiladi. Ofertaning amaldagi tahririga aniq rozilik bildirmagan hisob xarid qila olmaydi: birinchi xariddan oldin oferta ko'rsatiladi va rozilik so'raladi.
4.4. 18 yoshga to'lmagan Foydalanuvchi platformadan ota-onasi (qonuniy vakili) roziligi bilan foydalanadi; bunday Foydalanuvchi uchun Oferta ota-ona (qonuniy vakil) roziligi bilan qabul qilingan hisoblanadi. Pullik xizmatlar uchun to'lov ota-ona tomonidan yoki ularning roziligi bilan amalga oshiriladi.
5. Hisob
5.1. Foydalanuvchi ro'yxatdan o'tishda haqiqiy ism-familiyasini ko'rsatadi: natijalar, reyting va sertifikat shu nom bilan chiqadi. Noto'g'ri kiritilgan ma'lumot oqibatlari uchun Ijrochi javobgar emas.
5.2. Login va parolni boshqalarga bermaslik — Foydalanuvchining majburiyati. Hisobdan bajarilgan har qanday harakat (test ishlash, xarid) shu Foydalanuvchi tomonidan bajarilgan hisoblanadi.
5.3. Bitta hisobdan bitta kishi foydalanadi. Hisobni boshqaga berish yoki sotish, bitta hisobda bir necha kishining test ishlashi, shuningdek reyting yoki bepul imkoniyatlardan qayta foydalanish maqsadida bir necha hisob ochish taqiqlanadi.
5.4. Mehmon hisobining paroli yo'q: unga faqat o'sha brauzerdan kirish mumkin. Brauzer ma'lumotlari tozalansa, mehmon hisobi va undagi natijani tiklab bo'lmaydi. Natijani saqlab qolish uchun «Hisob ochish» orqali ro'yxatdan o'ting. Mehmon hisobidan xarid qilib bo'lmaydi.
6. Pullik xizmatlar va to'lov
6.1. Narxlar O'zbekiston so'mida, materialning yonida ko'rsatiladi. To'lov summasi xarid paytida platforma tomonidan hisoblanadi.
6.2. To'lov CLICK to'lov tizimi orqali (bank kartasi yoki CLICK ilovasi) yoki kursxonada naqd pul yoki bank o'tkazmasi bilan amalga oshiriladi. Bank kartasi ma'lumotlarini platforma olmaydi va saqlamaydi — ularni to'lov tizimi qayta ishlaydi.
6.3. To'lov tasdiqlangach kirish huquqi avtomatik ochiladi. Fiskal chekni to'lov tizimi beradi (CLICK orqali to'lovda — CLICK ilovasida).
6.4. Kirish turlari:
- Milliy sertifikat (MOCK) va DTM testlari — bir martalik xarid. Har bir test xarid paytida ko'rsatilgan urinishlar soni va vaqt bilan ochiladi. Urinishlar tugagach test yana yopiladi va uni qayta sotib olish mumkin.
- Mavzuga doir testlar va kitoblar — obuna. 1, 3, 6, 12 oylik muddatga olinadi. Muddat davomida material ochiq turadi; papka yoki kitob sotib olinganda muddat ichida unga qo'shilgan yangi testlar ham ochiladi. Muddat tugagach kirish yopiladi, natijalar saqlanib qoladi.
- O'qituvchilar uchun papka litsenziyasi — 9-bo'limga qarang.
6.5. Xarid shartlari — narx, urinishlar soni, vaqt, muddat — xarid paytida qayd etiladi. Keyinchalik materialning narxi yoki sozlamasi o'zgarsa, to'langan xaridning shartlari o'zgarmaydi.
6.6. Kirish huquqi shaxsiy: uni boshqa hisobga o'tkazib, sotib yoki ulashib bo'lmaydi.
7. Pulni qaytarish
7.1. Foydalanuvchi quyidagi hollarda to'langan pulni qaytarishni so'rashi mumkin:
- to'lov o'tgan, lekin kirish huquqi ochilmagan va murojaatdan keyin ham ochilmagan bo'lsa;
- bitta xarid uchun ikki marta to'lov o'tgan bo'lsa — ortiqcha summa qaytariladi;
- sotib olingan materialdan birorta ham urinish boshlanmagan bo'lsa.
7.2. Pul qaytarilmaydi, agar: sotib olingan materialdan kamida bitta urinish boshlangan bo'lsa; obuna muddati tugagan bo'lsa; hisob Foydalanuvchining o'z so'rovi bilan o'chirilgan bo'lsa; hisob 5, 8 yoki 10-bo'limdagi qoidalar buzilgani uchun bloklangan bo'lsa.
7.3. Murojaat 16-bo'limdagi aloqa kanallari orqali, buyurtma kodi ko'rsatilgan holda yuboriladi (kod to'lov sahifasida va «To'lovlarim» bo'limida turadi).
7.4. Pul to'lov qilingan usulda qaytariladi (CLICK orqali to'lovda — CLICK tizimi orqali). Pul qaytarilganda shu xarid bilan ochilgan kirish huquqi yopiladi. Pulning kartaga tushish muddati bank va to'lov tizimiga bog'liq.
7.5. Pulni qaytarish imkoniyatidan muntazam foydalanish (sotib olish — qaytarish takrorlanishi) yoki bank orqali asossiz to'lovni bekor qildirish (chargeback) aniqlansa, Ijrochi keyingi murojaatlarni rad etishi va hisobni bloklashi mumkin.
8. Imtihon qoidalari va halollik
8.1. Test ishlash vaqtida halollikni ta'minlash uchun platforma savol matnidan nusxa olish va chop etishni to'sadi, sahifadan chiqish, boshqa oynaga o'tish va ekran surati (skrinshot) olishga urinishlarni vaqti va savol raqami bilan qayd etadi. Bu qaydlarni o'qituvchi va kursxona ko'radi; qanday ma'lumot yig'ilishi Maxfiylik siyosatida yozilgan.
8.2. Urinish — bitta o'tirish. «Chiqish» tugmasi, imtihon sahifasidan chiqishni tasdiqlash yoki vaqtning tugashi urinishni yakunlaydi va javoblar shu holatda baholanadi. Vaqt chegarasi bo'lmagan testda imtihon sahifasi yopilib, 15 daqiqa davomida undan hech qanday signal kelmasa, urinish ham yakunlanadi; vaqt chegarasi bor testni faqat vaqtning tugashi yakunlaydi. Vaqt serverda hisoblanadi: internet uzilishi taymerni to'xtatmaydi.
8.3. Taqiqlanadi:
- boshqa odam o'rniga test ishlash yoki o'z o'rniga boshqani ishlatish;
- savol va javoblarni ko'chirib, suratga olib, yodlab yoki qayta yozib tarqatish, ulardan boshqa tayyorgarlik materiali yoki raqobatdosh xizmat yaratish;
- dasturlar, botlar, brauzer kengaytmalari yoki sun'iy intellekt yordamida javob topish, platformadan ma'lumot yig'ish (scraping);
- platforma himoyasini chetlab o'tish, boshqa hisoblarga kirish yoki platforma ishiga zarar yetkazishga urinish.
8.4. Qoidalar buzilganda Ijrochi urinish natijasini yoki sertifikatni bekor qilishi, hisobni vaqtincha yoki butunlay bloklashi mumkin; bunday holda to'langan pul qaytarilmaydi. Qoidabuzarlik qaydlarini platforma avtomatik yozadi, lekin natijani bekor qilish yoki bloklash haqidagi qarorni avtomatik tizim emas, kursxona xodimi qabul qiladi.
8.5. Foydalanuvchi natijasi, sertifikati yoki hisobi bo'yicha qabul qilingan qaror ustidan 16-bo'limdagi kanallar orqali asoslantirilgan e'tiroz bildirishi mumkin. E'tiroz ko'rib chiqiladi va javobi Foydalanuvchiga ma'lum qilinadi.
8.6. Savol yoki javobda xato aniqlansa, Ijrochi uni tuzatib, avvalgi natijalarni qayta hisoblashi mumkin (xato savol barcha ishtirokchilar uchun to'g'ri deb hisoblanishi ham mumkin). Buning natijasida ball, reyting va sertifikat darajasi o'zgarishi mumkin; sertifikat darajasi o'zgarsa, Foydalanuvchiga xabar beriladi.
9. O'qituvchilar uchun qo'shimcha shartlar
9.1. Saytda o'zi ro'yxatdan o'tgan o'qituvchi mustaqil o'qituvchi hisobini oladi: o'z papkalarini ochadi, testlar yaratadi va o'z o'quvchilariga ochadi. Kursxonaning umumiy materialini tahrirlash huquqini faqat Ijrochi beradi.
9.2. O'qituvchi o'zi joylagan material uchun javobgar: uni joylashga haqli ekanini va u uchinchi shaxslarning mualliflik huquqini buzmasligini kafolatlaydi. Bunday material o'qituvchiniki bo'lib qoladi; o'qituvchi Ijrochiga uni saqlash va o'zi tanlagan o'quvchilarga ko'rsatish uchun zarur huquqni beradi.
9.3. O'qituvchi Ijrochining papkasini sotib olganda unga litsenziya — shaxsiy nusxa beriladi. Undagi Ijrochi testlarini o'qituvchi o'z o'quvchilariga ochishi, natijalarni ko'rishi va sertifikat berishi mumkin, lekin ularni tahrirlashi, nusxa ko'chirishi, tarqatishi yoki qayta sotishi mumkin emas. Litsenziya muddati tugagach bu testlardan foydalanish to'xtaydi; o'quvchilarning natijalari saqlanib qoladi.
9.4. O'qituvchi o'z o'quvchilarining shaxsga doir ma'lumotlaridan (ism, natijalar) faqat o'qitish maqsadida foydalanadi va ularni uchinchi shaxslarga bermaydi. O'quvchi uchun hisob ochgan o'qituvchi shu o'quvchidan, u voyaga yetmagan bo'lsa — ota-onasidan, ma'lumotlarga ishlov berishga rozilik olganini kafolatlaydi.
10. Intellektual mulk
10.1. Platformadagi Ijrochi materiallari — testlar, savollar, javoblar, izohlar, yechimlar, audio va video, sertifikat shakli, dizayn va dasturiy ta'minot — Ijrochiga yoki uning huquq egalariga tegishli va qonun bilan himoyalangan.
10.2. Foydalanuvchiga materialdan faqat platforma ichida, shaxsiy o'qish maqsadida foydalanish huquqi beriladi. Materialni har qanday usulda — jumladan ekran surati, fotosurat yoki qayta yozish yo'li bilan — nusxalash, Telegram kanal va guruhlarida, saytlarda tarqatish, sotish, boshqa platformaga joylash yoki sun'iy intellekt modellarini o'qitishda ishlatish Ijrochining yozma ruxsatisiz taqiqlanadi.
10.3. Bu qoidani buzish 8.4-banddagi oqibatlarga va qonunchilikda belgilangan javobgarlikka olib keladi.
11. Javobgarlik
11.1. Platforma «qanday bo'lsa, shundayligicha» taqdim etiladi. Ijrochi uning uzluksiz va xatosiz ishlashi uchun oqilona choralar ko'radi, lekin quyidagilar uchun javobgar emas:
- Foydalanuvchining interneti, qurilmasi yoki brauzeridagi nosozliklar;
- uchinchi tomon xizmatlari — to'lov tizimi, Telegram, hosting, sun'iy intellekt xizmati — ishidagi uzilishlar;
- Foydalanuvchi login va parolini boshqalarga berishi oqibatlari;
- texnik ishlar paytidagi qisqa muddatli uzilishlar;
- ta'lim muassasalari, ish beruvchilar yoki boshqa uchinchi shaxslar platforma natijalari asosida qabul qilgan qarorlar.
11.2. Ijrochining har qanday holatdagi javobgarligi Foydalanuvchi tegishli material uchun to'lagan summa bilan cheklanadi.
11.3. Foydalanuvchi Ofertani buzishi (jumladan materialni tarqatishi yoki uchinchi shaxslarning huquqlarini buzuvchi kontent joylashi) natijasida uchinchi shaxslar Ijrochiga qo'ygan talablar va Ijrochiga yetkazilgan zarar uchun qonunchilikka muvofiq javob beradi.
11.4. Tomonlar yengib bo'lmaydigan kuch (fors-major) holatlari — tabiiy ofatlar, davlat organlarining qarorlari, keng ko'lamli aloqa yoki elektr uzilishlari va shu kabilar — tufayli majburiyatlarini bajarmaganlik uchun javobgar emas.
12. Hisobni to'xtatish va o'chirish
12.1. Foydalanuvchi istalgan vaqtda platformadan foydalanishni to'xtatishi va hisobini o'zi o'chirishi («Profil» → «Hisobni o'chirish») yoki o'chirishni so'rashi mumkin. O'quvchi, ota-ona va mehmon hisobidan 6 oy foydalanilmasa, u avtomatik o'chiriladi. Tartibi Maxfiylik siyosatining «Hisobni o'chirish» bo'limida.
12.2. Hisob o'chirilganda undagi natijalar, sertifikatlar va kirish huquqlari ham o'chadi va ularni tiklab bo'lmaydi. Pulni qaytarish haqidagi murojaat (7-bo'lim) hisob o'chirilishidan oldin yuborilishi kerak.
12.3. Ijrochi Ofertani buzgan Foydalanuvchining hisobini oldindan ogohlantirib yoki ogohlantirmasdan bloklashi mumkin; Foydalanuvchi bu qaror ustidan 8.5-band tartibida e'tiroz bildirishi mumkin.
12.4. To'lovlar yozuvlari hisob o'chirilganidan keyin ham qonunchilikda belgilangan muddat davomida saqlanadi (Maxfiylik siyosati, 5-bo'lim).
13. Ofertaga o'zgartirish kiritish
13.1. Ijrochi Ofertani bir tomonlama o'zgartirishi mumkin. Yangi tahrir shu sahifada e'lon qilinadi; kuchga kirgan sana sahifaning boshida ko'rsatiladi.
13.2. Muhim o'zgarishlar haqida Foydalanuvchiga ular kuchga kirishidan oldin platforma yoki Telegram orqali xabar beriladi. Yangi tahrir kuchga kirgach, keyingi xariddan oldin unga rozilik so'raladi (4.3-band).
13.3. O'zgarishlar allaqachon to'langan xaridning shartlarini yomonlashtirmaydi (6.5-band).
14. Nizolarni hal qilish
14.1. Nizolar avvalo muzokara yo'li bilan hal qilinadi. Foydalanuvchi yozma murojaatini (talabnomasini) 16-bo'limdagi kanallar orqali yuboradi.
14.2. Kelishuvga erishilmasa, nizo O'zbekiston Respublikasi qonunchiligida belgilangan sudlovga tegishlilik qoidalariga muvofiq sudda ko'rib chiqiladi.
14.3. Ushbu Ofertaga O'zbekiston Respublikasi qonunchiligi qo'llaniladi.
15. Yakuniy qoidalar
15.1. Ofertaning biror bandi haqiqiy emas deb topilsa, bu qolgan bandlarning amal qilishiga ta'sir qilmaydi.
15.2. Ijrochining Ofertadagi biror huquqidan foydalanmagani bu huquqdan voz kechganini anglatmaydi.
15.3. Platformaning elektron qaydlari — rozilik bildirilgan vaqt, to'lovlar, urinishlar va imtihon nazorati qaydlari — nizolarni hal qilishda dalil sifatida qo'llanilishi mumkin.
15.4. Oferta o'zbek tilida tuzilgan. Boshqa tildagi tarjima bilan farq bo'lsa, o'zbek tilidagi matn ustun turadi.
16. Ijrochi rekvizitlari va aloqa
- Ijrochi
- «Kelajakka ta'lim» o'quv markazi
- Telefon
- +998 91 164 96 92
- Telegram
- https://t.me/Mirsaid_Mubinovich