Kelajakka ta'lim

Shaxsga doir ma'lumotlar

Maxfiylik siyosati

«Kelajakka ta'lim» platformasida shaxsga doir ma'lumotlarga ishlov berish tartibi

Kuchga kirgan sana: 30.09.2026

Ushbu siyosat Ommaviy ofertaning ajralmas qismi.

1. Umumiy qoidalar

1.1. Ushbu Siyosat «Kelajakka ta'lim» platformasi (https://kelajakkatalim.uz sayti, Telegram boti va mobil ilovalari) foydalanuvchilarining shaxsga doir ma'lumotlari qanday yig'ilishi, ishlatilishi, saqlanishi, himoya qilinishi va o'chirilishini belgilaydi.

1.2. Ma'lumotlarga ishlov beruvchi (operator) — «Kelajakka ta'lim» o'quv markazi (bundan keyin — «Ijrochi»). Siyosat O'zbekiston Respublikasining 2019-yil 2-iyuldagi O'RQ-547-son «Shaxsga doir ma'lumotlar to'g'risida»gi Qonuniga muvofiq tuzilgan.

1.3. Ro'yxatdan o'tishda yoki xarid qilishdan oldin rozilik bildirib, Telegram bot orqali hisob ochib yoki platformadan foydalanib, Foydalanuvchi ushbu Siyosatda ko'rsatilgan ma'lumotlarga ko'rsatilgan maqsadlarda ishlov berilishiga rozilik beradi.

1.4. 18 yoshga to'lmagan foydalanuvchining ma'lumotlariga ota-onasi (qonuniy vakili) roziligi bilan ishlov beriladi. Kursxona yoki o'qituvchi ochgan o'quvchi hisobi uchun rozilikni hisobni ochgan tomon oladi.

2. Qanday ma'lumotlar yig'iladi

2.1. Hisob ma'lumotlari: ism, familiya, login, parol (odamning o'zi qo'ygan paroli ochiq holda saqlanmaydi — faqat qaytarib bo'lmaydigan shifrlangan ko'rinishda; hisobni kursxona xodimi ochib, parolni o'zi bergan bo'lsa, xodim uni o'quvchi yoki ota-onaga yetkaza olishi uchun o'sha parolning shifrlangan nusxasi ham saqlanadi — u faqat shu hisobni boshqaradigan xodimga ko'rinadi va odam parolni o'zi almashtirishi bilan o'chadi), rol (o'quvchi, o'qituvchi, ota-ona), e-mail (ixtiyoriy), profil rasmi (ixtiyoriy), o'quvchining maktab ma'lumoti (ixtiyoriy — viloyat, tuman, maktab, sinf va uning harfi; o'quvchi o'zi kiritadi va profilda o'zgartiradi yoki o'chiradi), o'quvchining unikal kodi, ro'yxatdan o'tgan va oxirgi kirgan vaqt, hisobdan oxirgi foydalanilgan kun (faolsiz hisobni o'chirish uchun — 6.6-band), rozilik bildirilgan vaqt.

2.2. Telefon va Telegram: telefon raqami (Telegram bot orqali yuborilganda — Telegram tasdiqlagan raqam; ota-onada kursxona xodimi yozgan ixtiyoriy ikkinchi raqam ham — faqat aloqa uchun), Telegram identifikatori (ID) va Telegram'dagi ism. Bu ma'lumotlar faqat Telegram bot yoki Telegram Mini App'dan foydalanganda yig'iladi.

2.3. O'quv faoliyati: urinishlar, har bir savolga berilgan javoblar, ball, sarflangan vaqt, reyting, sertifikatlar, savollar haqida yuborilgan xabarlar, platformadagi yozishmalar, guruh a'zoligi, o'qituvchi tanlovi va ota-ona bilan bog'lanish; mobil ilovadagi mashq rejimida har savolning holati (to'g'ri, xato, «hali bilmayman») va o'zlashtirish foizi, kunlik faollik (mashq qilingan savollar soni va XP), Foydalanuvchi tanlagan haftalik maqsad va reyting sozlamalari.

2.4. IELTS: Writing bo'limida yozilgan insho matni va Speaking bo'limida mikrofon orqali yozib olingan ovozli javoblar hamda ularning matnli transkripti. Mikrofonga ruxsatni brauzer alohida so'raydi.

2.5. Imtihon nazorati qaydlari: imtihon paytida sahifadan chiqish, boshqa oynaga o'tish, nusxa olish, chop etish yoki ekran suratiga urinish holatlari — vaqti va savol raqami bilan. Oynaga qaytilganda almashish buferida rasm bor-yo'qligi faqat qurilmaning o'zida tekshiriladi va bufer tozalanadi; bufer tarkibi serverga yuborilmaydi va saqlanmaydi.

2.6. To'lovlar: buyurtma kodi, xarid qilingan material, summa, xarid shartlari, sana, to'lov holati, to'lov tizimidagi tranzaksiya raqami, to'lovchining ismi, logini va telefon raqami (ota-ona farzandi uchun to'lasa — to'lovchi ota-ona, material farzandning hisobida ochiladi). Farzand ota-onasidan biror materialni so'rasa, so'rov (nima va qachon) ham saqlanadi va ota-onaga Telegram orqali yuboriladi. Bank kartasi ma'lumotlari platformaga kelmaydi — ularni to'lov tizimi (CLICK) qayta ishlaydi.

2.7. Ochiq imtihon ishtirokchisi: ism, familiya va imtihon tashkilotchisi so'ragan qo'shimcha maydon (masalan, maktab).

2.8. Texnik ma'lumotlar: kirish va xavfsizlik uchun zarur cookie fayllari (9-bo'lim); server so'rovlar jurnali (IP manzil, brauzer turi, ochilgan sahifa, vaqt) — xavfsizlik va nosozliklarni aniqlash uchun.

2.9. Platforma pasport ma'lumotlari, tug'ilgan sana yoki yashash manzilini so'ramaydi.

3. Ma'lumotlar nima uchun ishlatiladi

3.1. Ma'lumotlar faqat quyidagi maqsadlarda ishlatiladi:

  1. hisob ochish, tizimga kirish va hisobni tiklash;
  2. testlarni ochish, javoblarni saqlash, natijani hisoblash, tahlil, reyting va sertifikat berish;
  3. natijalarni o'qituvchi, kursxona va ota-onaga ko'rsatish (4-bo'lim);
  4. xaridlarni bajarish, to'lovni tekshirish, pulni qaytarish va buxgalteriya hisobi;
  5. bildirishnomalar — to'lov tasdig'i, sertifikat, parolni tiklash — platforma xabarlari va Telegram orqali;
  6. imtihon halolligini ta'minlash va qoidabuzarliklarni aniqlash;
  7. savollardagi xatolarni tuzatish va materiallar sifatini oshirish;
  8. IELTS Writing va Speaking javoblarini baholash;
  9. xavfsizlik, firibgarlikning oldini olish va qonunchilik talablarini bajarish.

3.2. Avtomatik ishlov berish. Test natijalari va IELTS Writing/Speaking baholari avtomatik hisoblanadi (IELTS bahosi taxminiy). Imtihon nazorati qaydlari ham avtomatik yoziladi, lekin natijani bekor qilish yoki hisobni bloklash haqidagi qarorni kursxona xodimi qabul qiladi va Foydalanuvchi u ustidan e'tiroz bildirishi mumkin (Ofertaning 8.5-bandi).

3.3. Ma'lumotlar reklama maqsadida uchinchi shaxslarga sotilmaydi va berilmaydi, sun'iy intellekt modellarini o'qitish uchun uchinchi shaxslarga uzatilmaydi.

4. Ma'lumotlarni kim ko'radi

4.1. Foydalanuvchining o'zi — o'z profili, natijalari va to'lovlarini.

4.2. Kursxona administratorlari — platforma ishini ta'minlash, to'lovlarni tekshirish va nazorat uchun.

4.3. O'qituvchi — o'zi hisob ochgan yoki Foydalanuvchi tanlab, o'qituvchi qabul qilgan o'quvchilarning ismi, natijalari, imtihon nazorati qaydlari va xabarlarini.

4.4. Ota-ona — farzandining unikal kodi, kursxona xodimi yoki farzandi yuborgan Telegram havolasi orqali (o'zi Telegram'da tasdiqlab) bog'langan bo'lsa, farzandining natijalarini.

4.5. Ochiq imtihon tashkilotchisi — shu imtihon ishtirokchilarining natijalarini.

4.6. Sertifikatni tekshiruvchi. Sertifikatdagi QR kod yoki havola orqali istalgan shaxs tizimga kirmasdan uning haqiqiyligini tekshira oladi va egasining ism-familiyasi, fan, ball, daraja va berilgan sanani ko'radi. Havolada tasodifiy maxfiy kod bor — uni sertifikat egasi ulashgan odamgina ochadi.

4.7. Tashqi xizmatlar — faqat o'z vazifasi uchun zarur hajmda:

  • CLICK (to'lov tizimi) — buyurtma kodi va summa; to'lovni qayta ishlaydi va fiskal chek beradi;
  • Telegram — bot va Mini App'dan foydalanilganda: xabarlar, Telegram ID va Foydalanuvchi yuborgan telefon raqami;
  • OpenAI (AQSh) — IELTS Writing insho matni va Speaking ovozli javoblari baholash uchun yuboriladi; ism va login yuborilmaydi. IELTS Writing va Speaking bo'limidan foydalanilmasa, OpenAI'ga hech narsa yuborilmaydi;
  • hosting provayderi — platforma serveri va zaxira nusxalari;
  • shriftlar, sahifa kutubxonalari va YouTube (video faqat ochilganda) — brauzer ularga to'g'ridan-to'g'ri murojaat qiladi va ular IP manzilni ko'radi.

4.8. 4.7-bandda ko'rsatilgan xorijiy xizmatlarga ma'lumot uzatilishiga Foydalanuvchi ushbu Siyosatga rozilik bilan birga rozilik beradi.

4.9. Qonunda belgilangan hollarda ma'lumotlar vakolatli davlat organlariga ularning qonuniy so'roviga binoan beriladi.

4.10. Guruhdoshlar — mobil ilovadagi haftalik guruh reytingida shu guruhning eng faol 5 o'quvchisining ismi, familiyasining bosh harfi va haftalik XP (mashq faolligi) ko'rinadi; ball va natijalar ko'rinmaydi. O'quvchi ilova profilida ismini yashirishi («Ishtirokchi» bo'lib ko'rinadi) yoki reytingni butunlay o'chirishi mumkin.

5. Saqlash muddati

Hisob, natijalar, sertifikatlar, yozishmalar
Hisob mavjud bo'lgan davrda; hisob o'chirilganda o'chiriladi. O'quvchi, ota-ona va mehmon hisobidan 6 oy foydalanilmasa, hisob avtomatik o'chiriladi (6.6-band).
Imtihon nazorati qaydlari
Tegishli urinish bilan birga saqlanadi va u bilan birga o'chiriladi.
IELTS Speaking ovoz yozuvlari
Baholash va tekshirish uchun zarur davrda; eskirgan yozuvlar vaqti-vaqti bilan o'chiriladi, matnli transkripti natija bilan birga qoladi.
To'langan va qaytarilgan to'lovlar yozuvlari
Buyurtma, summa, sana, xaridorning ismi, logini va telefoni — buxgalteriya va soliq hisobi uchun qonunchilikda belgilangan muddat davomida, hisob o'chirilganidan keyin ham.
Amalga oshmagan to'lov urinishlari
Hisob bilan birga o'chiriladi.
Mehmon hisoblari
6 oy foydalanilmasa avtomatik o'chiriladi; undan oldin ham kursxona tomonidan o'chirilishi mumkin.
Server jurnallari va zaxira nusxalar
Xavfsizlik va platformani tiklash uchun cheklangan muddat; o'chirilgan ma'lumotlar zaxira nusxada u almashgunicha qolishi mumkin.

6. Hisobni o'chirish

6.1. Hisobingizni istalgan vaqtda o'zingiz o'chirishingiz mumkin: saytda «Profil» sahifasining oxiridagi «Hisobni o'chirish» bo'limida (mobil ilovada ham), parolingiz bilan tasdiqlab. Hisob darhol o'chiriladi. Hisobga kira olmasangiz yoki administrator hisobi bo'lsa, o'chirishni so'rashingiz mumkin:

  1. So'rov yuboring. «Hisobimni o'chiring» deb yozing va loginingizni ko'rsating. So'rovni hisobingizga kirib, «Xabarlar» bo'limidan (o'quvchi va ota-ona hisoblarida) yoki 11-bo'limdagi aloqa kanallari — Telegram, telefon, e-mail — orqali yuborishingiz mumkin.
  2. Egasi ekaningiz tekshiriladi — hisob ichidan yozilgan xabar, hisobga bog'langan Telegram yoki tasdiqlangan telefon raqami orqali. Boshqa odamning hisobini o'chirish so'rovi bajarilmaydi.
  3. Hisob o'chiriladi va bu haqda sizga xabar beriladi.

6.2. O'chiriladi: profil (ism, login, parol, e-mail, telefon, profil rasmi), Telegram bog'lanishlari, barcha urinishlar va javoblar, natijalar, sertifikatlar, IELTS insho va ovoz yozuvlari, imtihon nazorati qaydlari, yozishmalar, guruh a'zoligi va kirish huquqlari. O'qituvchi hisobi o'chirilganda uning o'zi yaratgan papkalar va testlar ham o'chiriladi.

6.3. Saqlanib qoladi: faqat to'langan va qaytarilgan to'lovlar yozuvlari — qonun talabi bo'yicha (5-bo'lim). O'chirilgan sertifikatni QR kod orqali tekshirib bo'lmaydi.

6.4. O'chirishni qaytarib bo'lmaydi. Natijalar, sertifikatlar va ishlatilmagan xaridlar tiklanmaydi. Pulni qaytarish haqidagi murojaat (Ofertaning 7-bo'limi) hisob o'chirilishidan oldin yuborilishi kerak.

6.5. Mehmon hisobi (bepul sinov yoki ochiq imtihon) ham shu tartibda o'chiriladi: so'rovda test nomini, sanasini va kiritilgan ism-familiyani ko'rsating.

6.6. Faolsiz hisob. O'quvchi, ota-ona yoki mehmon hisobidan 6 oy davomida foydalanilmasa (saytga, ilovaga yoki Telegram orqali kirilmasa, test ishlanmasa, o'quvchi darsda baholanmasa, ota-onaning farzandi ham shunday faol bo'lmasa), hisob 6.2–6.4-bandlardagi tartibda avtomatik o'chiriladi. Hisobga Telegram bog'langan bo'lsa, 7 kun oldin ogohlantirish yuboriladi; shu muddat ichida bir marta kirish hisobni saqlab qoladi. O'qituvchi va administrator hisoblari avtomatik o'chirilmaydi.

7. Foydalanuvchi huquqlari

Foydalanuvchi quyidagi huquqlarga ega:

  • o'z ma'lumotlariga ishlov berilayotganini va qaysi ma'lumotlar ekanini bilish;
  • o'z ma'lumotlarining nusxasini so'rash;
  • noto'g'ri ma'lumotni tuzattirish (ism, familiya, e-mail va rasmni profil sahifasida o'zi o'zgartiradi);
  • ma'lumotlarini o'chirishni talab qilish (6-bo'lim);
  • rozilikni qaytarib olish — bu hisobni o'chirish bilan barobar, chunki ma'lumotlarsiz xizmat ko'rsatib bo'lmaydi;
  • avtomatik qaydlar asosida qabul qilingan qaror ustidan e'tiroz bildirish (3.2-band);
  • huquqlari buzilgan deb hisoblasa, shaxsga doir ma'lumotlar sohasidagi vakolatli davlat organiga yoki sudga murojaat qilish.

8. Ma'lumotlarni himoya qilish

  • saytga ulanish shifrlangan (HTTPS);
  • odam o'zi qo'ygan parol faqat qaytarib bo'lmaydigan shifrlangan ko'rinishda saqlanadi — uni hech kim, jumladan kursxona xodimlari ham, ko'ra olmaydi; xodim o'zi bergan parolning shifrlangan nusxasini faqat o'sha hisobni boshqaradigan xodim ko'radi va u odam parolni almashtirishi bilan o'chadi;
  • har bir foydalanuvchi faqat o'ziga ruxsat berilgan ma'lumotni ko'radi (rolga asoslangan kirish nazorati);
  • to'lov tizimi bilan almashinuv raqamli imzo bilan tekshiriladi;
  • ma'lumotlarga faqat vazifasi talab qiladigan xodimlar kira oladi.

9. Cookie va brauzer xotirasi

9.1. Platforma faqat ishlashi uchun zarur cookie fayllaridan foydalanadi: sessiya (tizimga kirganingizni eslab qolish) va soxta so'rovlardan himoya (CSRF). Ularsiz tizimga kirib bo'lmaydi.

9.2. Brauzer xotirasida faqat qulaylik sozlamalari (mavzu, filtrlar, ochiq papkalar va shu kabilar) saqlanadi; ular qurilmangizda turadi va serverga yuborilmaydi.

9.3. Reklama va kuzatuv (tracking) cookie fayllari hamda tashqi analitika xizmatlari ishlatilmaydi.

10. Siyosatga o'zgartirish kiritish

10.1. Ijrochi Siyosatni o'zgartirishi mumkin. Yangi tahrir shu sahifada e'lon qilinadi; kuchga kirgan sana sahifaning boshida ko'rsatiladi.

10.2. Yangi turdagi ma'lumot yig'ila boshlasa yoki ma'lumotlar yangi maqsadda ishlatilsa, Foydalanuvchiga bu kuchga kirishidan oldin platforma yoki Telegram orqali xabar beriladi.

11. Aloqa

Ma'lumotlaringiz, hisobni o'chirish yoki ushbu Siyosat bo'yicha savollar uchun:

Ijrochi
«Kelajakka ta'lim» o'quv markazi